
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) bosh ofisida Kanadaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Kanada so‘nggi paytda Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan kritik ahamiyatga ega metallar va kon-metallurgiya sohasidagi hamkorlikni izchil kengaytirib bormoqda.
Muzokaralar doirasida reniy yo‘nalishi alohida ko‘rib chiqildi. Xususan, reniy mahsulotini yuqori tozalik darajasigacha boyitish va qayta ishlashda yetakchi hisoblangan Kanada kompaniyalari bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda kritik minerallar sohasida ikki tomonlama savdo va investitsiya hamkorligini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, TMK mahsulotlarini Kanadadagi bevosita sanoat iste’molchilariga yetkazib berish bo‘yicha savdo aloqalarini kengaytirish hamda kombinatning “greenfield” loyihalariga Kanada kompaniyalarini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish hamda istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.