ico
ico ico ico
Rangli sxemasi:
A A A
O‘lchov:
A A A A A
sound Ovozli hamroh
Saytda ovozli hamhroh funksiyasi mavjud. Matnni eshitish uchun uni sichqoncha bilan belgilang va paydo bo‘lgan ikonkani bosing.

TMK – O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida kritik minerallar ko‘prigi

 TMK – O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida kritik minerallar ko‘prigi 24.11.2025
TMK – O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida kritik minerallar ko‘prigi

Jahon iqtisodiyoti “yashil” energiya va yangi texnologiyalar davriga kirib borayotgan bir paytda, kritik minerallar barqaror taraqqiyotning asosiy tayanchiga aylandi. Bu o‘rinda esa O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik kritik minerallar sohasida ham yangi strategik bosqichga ko‘tarildi.

 

Mazkur yo‘nalishda bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) faoliyat olib borib, kritik minerallar bo‘yicha to‘liq qiymat zanjirini yaratayotgan kompaniya sifatida muhim o‘rinni egallamoqda. 

 

2024 yil sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi hamda AQSH hukumati o‘rtasida kritik xomashyo sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Shu asosda TMK O‘zbekistonni global kritik minerallar bozorida ishonchli hamkor sifatida namoyon etgan holda AQSH kompaniyalari bilan hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Bunda TMK AQSH bilan investitsiya, moliya, savdo, texnologiya, ilmiy-tadqiqot va ta’lim yo‘nalishlarida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirmoqda. Bu esa o‘z navbatida kritik minerallar zanjirida yangi imkoniyatlar ochmoqda.

 

Xususan, investitsiya yo‘nalishida AQSHning Cove Capital, Traxys, Freeport-McMoRan, Denali Exploration Group, Gogreen Partners, American Resources Corporation va uning tarkibidagi Re Element Technologies kompaniyalari bilan investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan, Orion Resource Partners kabi investitsiya kompaniyalari bilan esa muloqotlar olib borilmoqda. 

 

TMK va AQSHning investisiya kompaniyasi “Cove Capital” o‘rtasidagi muloqotlar ilk bor Nyu-York shahrida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida boshlangan bo‘lib, unda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli takliflar ilgari surildi. Mazkur muzokaralar qisqa fursat ichida amaliy natija berib, ikki kompaniya o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi. 

 

Ushbu hamkorlik davlat darajasida ham qo‘llab-quvvatlanib, ikki tomonlama munosabatlarni aniq amaliy dasturlarga aylantirdi. Shuningdek, “Cove Capital” bilan hamkorlikning yuqori bosqichi sifatida O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun “CoveUZ LLC” portfel kompaniyasi tashkil etdi. Hozirda kompaniya bilan konlarni o‘zlashtirish va yangi istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

 

Moliyalashtirish sohasida AQSHning yetakchi moliya institutlari AQSH Eksport-Import banki (EXIM Bank), Xalqaro rivojlanish moliya korporatsiyasi (DFC) bilan bir qator turli darajada muzokaralar va muloqotlar o‘tkazildi. Hozirda tomonlar uchun ma’qul bo‘lgan loyihalar va ularni moliyalashtirish shakllari, shartlar va imkoniyatlar o‘rganilmoqda. Bu tashabbuslar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash bilan birga, investisiya muhitini yanada jozibador qilishga xizmat qilmoqda.

 

Savdo yo‘nalishida hozirda AQSHning yirik kompaniyalari Traxys, CCMA LLC, Tranzact Inc., MBR Metals USA, VLCor USA, Silver Eagle Technology Inc. bilan muzokaralar olib borilib, ular bilan TMK mahsulotlarini AQSH bozoriga sotish yo‘nalishida hamkorlik istiqbollari ishlab chiqilmoqda. 

 

TMKning AQSH bilan hamkorligidagi navbatdagi bosqich ilmiy-tadqiqot, ta’lim, innovatsiya va ilmiy-texnikaviy sohalarini rivojlantirish yo‘nalishlaridadir. Xususan, TMK va dunyoning eng top universitetlari ichida birinchi raqamli bo‘lgan Massachusets texnologiya instituti (MIT) o‘rtasida zamonaviy texnologiyalarni o‘qitish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi. Mazkur kelishuvga muvofiq, dastlabki bosqichda TMKning 100 nafar muhandis xodimi MITning ilg‘or ta’lim platformasida bilim va malaka oshirish dasturlarida ishtirok etadi. Bu tashabbus O‘zbekistonda kritik minerallar sohasida ilmiy va zamonaviy muhandis kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro andozalar darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

 

Hamkorlikning yana bir muhim qirrasi – qonunchilik va institusional sohadagi yangilanishlar. AQSH Savdo vazirligining CLDP dasturi bilan hamjihatlikda minerallar sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirish, yer qa’ridan foydalanishni tartibga soluvchi hujjatlarni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish ishlari olib borilmoqda. 

 

2025 yil noyabr oyida Vashington shahrida AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilari sammitida O‘zbekiston rahbarining ishtiroki ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqdi. 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev sammit doirasida so‘zlagan nutqida Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar barqaror rivojlanayotganini ta’kidlar ekan, “C5+1” platformasining so‘nggi o‘n yil ichida mintaqaviy iqtisodiy va texnik hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanganini alohida qayd etdi. Davlatimiz rahbari muhokamalar chog‘ida sanoat uchun muhim minerallar sohasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, qazib chiqarish va qayta ishlashni integratsiyalashtirish hamda tayyor mahsulotlarni global ta’minot zanjirlariga kiritish maqsadida maxsus qo‘mita tuzish tashabbusini ilgari surdi. 

 

Ushbu tashabbus mintaqaviy resurs salohiyatini oqilona boshqarish va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish borasida muhim qadam sifatida qabul qilindi. 

 

Shu bilan birga, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida qator muhim hujjatlar imzolandi. 

 

Jumladan, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan “Denali Exploration Group” kompaniyasi o‘rtasida noyob yer elementlarini qazib chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda TMK, “American Resources Corporation” va “Re Element Technologies” kompaniyasi o‘rtasida uch tomonlama keng qamrovli kelishuv imzolandi. 

 

Bu kelishuv kritik minerallar bo‘yicha qiymat zanjirini rivojlantirishni nazarda tutadi, ya’ni O‘zbekiston “upstream-midstream-downstream” tamoyili asosida sanoat uchun muhim minerallarni qazib olishdan tortib, ularni qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik davrni o‘z ichiga oladi. 

 

Shu bilan birga, kritik minerallarni qazib olish va qayta ishlash yo‘nalishida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Freeport-McMoRan kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvga erishilgan. Bu kelishuvlar mamlakatimizda kritik minerallar zanjirini yaratish, texnologik ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.  

 

2025 yilning 12 noyabr kuni Prezidentimiz tomonidan Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya Kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi Farmoni qabul qilinishi ham ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur Farmon albatta, ikki mamlakatlar o‘rtasida, shu jumladan sanoat uchun muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. 

 

TMK ham o‘z o‘rnida aniq loyihalar va texnologik yechimlar orqali mamlakatning kritik minerallar sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishni maqsad qilgan. 

O‘zbekistonning jahon volfram bozoridagi ulushi 5,1 foizgacha oshadi: 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan TMK strategik loyihalari ishga tushirilmoqda
Volfram
24.11.2025
O‘zbekistonning jahon volfram bozoridagi ulushi 5,1 foizgacha oshadi: 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan TMK strategik loyihalari ishga tushirilmoqda
TMK salohiyati xalqaro sahnada e’tirof etildi
TMK
31.05.2025
TMK salohiyati xalqaro sahnada e’tirof etildi
Geologlar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!
Rolik
07.04.2025
Geologlar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!

Bizning hamkorlarimiz

Foydali havolalar