O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) bosh ofisida dunyoning eng nufuzli ilmiy-texnologik universitetlaridan biri — Koreya Ilgʻor Fan va Texnologiyalar Instituti (KAIST) vitse-prezidenti Keon Jae Lee boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda kritik minerallar, sun'iy intellekt, aqlli metallurgiya va ilg‘or qayta ishlash texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari, shuningdek, TMK ilmiy kengashi faoliyatini takomillashtirish hamda “ilm-fan-ta’lim-ishlab chiqarish” zanjirini samarali tuzish boʻyicha KAIST modeli oʻrganildi.
Nima uchun KAIST?
➡️ Sun'iy intellekt, robototexnika, yarimo‘tkazgichlar, yangi materiallar, energetika, biotexnologiya va kosmik texnologiyalar bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri;
➡️ Samsung, Hyundai, LG, SK Group va Hanwha kabi global sanoat gigantlari bilan ilmiy va texnologik hamkorlik olib boradi;
➡️ QS World University Rankings hamda Times Higher Education reytinglarida muntazam ravishda dunyoning eng nufuzli universitetlari qatoridan joy oladi;
➡️ Yuzlab xalqaro patentlarga ega bo‘lib, ilmiy ishlanmalarni sanoatga joriy etish va tijoratlashtirish bo‘yicha kuchli innovatsion ekotizimni shakllantirgan.
Uchrashuv davomida TMK va KAIST o‘rtasida quyidagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi:
➡️ Konchilik va metallurgiya sanoati uchun aqlli sensor texnologiyalarini yaratish;
➡️ Kritik metallarni chuqur qayta ishlash va aylanma iqtisodiyot yechimlarini rivojlantirish;
➡️ Sun'iy intellekt asosida aqlli metallurgiya va ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida raqamli monitoring qilish.
Shuningdek, tomonlar litiyni xomashyodan yuqori samaradorlik bilan ajratib olish texnologiyalari hamda litiy-ion akkumulyatorlarini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
TMK va KAIST o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonning ilmiy va sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim bosqichdir.