O‘zTMK 2030-yilga kelib volfram ishlab chiqarishni 50 barobarga oshirishni rejalashtirmoqda
“O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” 2030-yilga kelib molibden ishlab chiqarishni qiymat jihatidan 3,4 barobar, volframni esa 50 barobarga ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” (O‘zTMK) bo‘linmasi O‘zbekistonda kamyob metallarni qidirish, qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 34 ta loyihani amalga oshirmoqda. Bu haqda korxona rahbari o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziyev seshanba kuni ochilgan “O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tog‘-kon sanoati” xalqaro kongressida ma’lum qildi.
Kombinat ma’lumotlariga ko‘ra, korxona litiy, volfram, tantal, niobiy, grafit va boshqa kamyob metallarning yangi konlarini aniqlash va baholashga qaratilgan 17 ta loyihani amalga oshirmoqda.
Sakkizta loyiha nodir metallarni qayta ishlash uchun maxsus texnologiyalarni ishlab chiqishga, oltitasi geologik kartografiya, biokimyoviy va geofizik ma’lumotlarni umumlashtirishga, yana uchtasi qo‘shimcha metallar va nodir elementlardan foydalanishga yo‘naltirilgan.
Ulug‘bek Ro‘ziyevning qo‘shimcha qilishicha, 2030-yilga kelib kombinat ishlab chiqarishni, xususan, molibden mahsulotlarini qiymat jihatidan 3,4 barobar, volfram mahsulotlarini esa 50 barobar ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.
Aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga xorijiy ekspert va investorlar ishtirokida kamyob metallarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 500 mln dollarlik istiqbolli loyihalar dasturini shakllantirishni topshirgandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida muhim xomashyo sohasida barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Hujjat o‘ta muhim xomashyoni ishlab chiqarish, moliyalashtirish va yetkazib berish infratuzilmasini yaratishda tomonlarning hamkorligini nazarda tutadi. Sentabr oyida AQSh bilan ham shunday memorandum imzolangan.
Gazeta.uz