O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK), Toshkent davlat texnika universiteti hamda Belgiyaning KU Leuven universiteti huzuridagi SOLVOMET instituti vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda chiqindi eritmalardan noyob yer elementlarini ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqishga qaratilgan loyiha holati muhokama qilindi. SOLVOMET tadqiqotchilari tomonidan loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan hisobot taqdim etildi. Hujjatdagi tashrif dasturida ham SOLVOMET tomonidan loyiha holati, bajarilgan ishlar va olingan natijalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv doirasida SOLVOMET direktori Peter Tom Jones Toshkent davlat texnika universitetining laboratoriyalari va ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi. Tomonlar mavjud ilmiy bazaning imkoniyatlari hamda undan istiqboldagi qo‘shma tadqiqotlarda samarali foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
Asosiy e’tibor TMK–TDTU–SOLVOMET formatida ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirish, sanoat ehtiyojlarini universitetning tadqiqot salohiyati hamda xalqaro ilmiy tajriba bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlariga qaratildi.
Bunday hamkorlik modeli sanoat oldidagi amaliy vazifalarni ilmiy tadqiqotlar bilan bog‘lash, mavjud ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish va qo‘shma tashabbuslarni amaliy natijalarga yo‘naltirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
TMK uchun bu kritik minerallar yo‘nalishidagi loyihalarni nafaqat ishlab chiqarish, balki kuchli ilmiy va muhandislik bazasi bilan ta’minlashga qaratilgan yondashuvning davomidir.