O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) Buyuk Britaniya bilan kritik minerallarni chuqur qayta ishlash, yuqori texnologik sanoatni rivojlantirish hamda investitsiyaviy va ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi.
Toshkentda TMK rahbariyati, Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri Lord Anas Sarvar boshchiligidagi delegatsiya hamda mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart ishtirokida yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda volfram, molibden, reniy, litiy va noyob yer metallari asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, Britaniya kompaniyalari bilan qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirish va eksportni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri Buyuk Britaniya kompaniyalarini “Kelajak metallari” texnoparkiga rezident sifatida jalb etish bo‘ldi. Shuningdek, TMK R&D Park negizida O‘zbekiston–Buyuk Britaniya qo‘shma ilmiy-texnologik markazini tashkil etish, Britaniyaning yetakchi universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni sanoatga joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama yo‘l xaritasi imzolandi. Hujjat Britaniyada investitsiya tadbirlarini tashkil etish, sanoat va ilmiy-ta’lim aloqalarini kengaytirish, geologik tadqiqotlar hamda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Britaniya moliya institutlari bilan investitsiya va eksportni moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganish hamda kritik minerallar bo‘yicha muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Mazkur kelishuvlar TMKning xalqaro hamkorlikdagi mavqeini mustahkamlash, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoatni rivojlantirish yo‘lida muhim qadamdir.
#TMK #Ozbekiston #BuyukBritaniya #KritikMinerallar #StrategikHamkorlik #Investitsiya #Innovatsiya #IlmFan