O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) bosh ofisida Turkiyaning yetakchi sanoat kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Turkiya Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan iqtisodiy va sanoat aloqalarini izchil kengaytirib bormoqda. Bugun yuqori texnologiyali sanoat, metallurgiya va strategik metallar yo‘nalishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli sohalaridan biriga aylanmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan strategik ahamiyatga ega metallar, jumladan volfram mahsulotlarini Turkiya sanoati ehtiyojlari uchun uzoq muddatli asosda yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida strategik metallar sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, barqaror yetkazib berish tizimini shakllantirish hamda o‘zaro manfaatli yangi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi