Tosh Tech universitetida bo‘lib o‘tgan “Science and Technology of Advanced Materials and Devices” (STAMD 2026) V xalqaro ilmiy konferensiyasida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK)ning ilmiy-texnologik yo‘nalishdagi faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Ilg‘or materiallar, zamonaviy qurilmalar va innovatsion ishlanmalarga bag‘ishlangan anjumanda TMK Boshqaruv raisining yangi texnologiyalar, innovatsiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Amir Abidov kombinat vakili sifatida ma’ruza bilan qatnashdi.
Konferensiyada O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy muassasalari hamda universitetlari vakillari nanomateriallar, quyosh energetikasi, biotibbiyot va optoelektronika sohalaridagi dolzarb tadqiqotlar yuzasidan fikr almashdilar.
“Successes and Challenges on Collaboration Between University and Industry” mavzusidagi panel sessiyasida esa universitetlar va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikning natijalari, mavjud muammolari hamda rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur anjuman ilmiy tajriba almashish, ilg‘or texnologik yechimlarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qildi.
#TMK #OzTMK #Ozbekiston #STAMD2026 #IlmFan #Innovatsiyalar #IlgorTexnologiyalar #IlmiyTadqiqotlar #SanoatHamkorligi #XalqaroHamkorlik