AQShning Yuta shtatida Xalqaro molibden assotsiatsiyasi (IMOA)ning yillik umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) mazkur nufuzli xalqaro assotsiatsiya a’zosi sifatida global molibden sanoatining yetakchi kompaniyalari bilan molibden bozorining kelajak yo‘nalishlari, talab va taklif istiqbollari hamda xalqaro savdoning yangi imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.
1989-yilda tashkil etilgan IMOA bugungi kunda molibden sanoatining eng muhim xalqaro professional platformalaridan biri bo‘lib, uning yillik yig‘ilishida global talab va taklif dinamikasi, bozorning o‘rta va uzoq muddatli prognozlari, narx shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar, ishlab chiqarish va qayta ishlash tendensiyalari hamda xalqaro savdo istiqbollari muhokama qilinmoqda.
Yig‘ilish doirasida TMK delegatsiyasi AQSh, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Estoniya va Shvetsiya kabi mamlakatlarning molibden sanoatida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda.
Muzokaralarning asosiy yo‘nalishi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan molibden mahsulotlarini jahon bozorlariga eksport qilish, mavjud savdo aloqalarini kengaytirish va yangi geografik bozorlarga chiqish imkoniyatlarini shakllantirish.
IMOA kabi global sanoat platformalarida faol ishtirok etish TMKga bozorning real ehtiyojlarini bevosita ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar bilan muhokama qilish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish hamda O‘zbekistonning kritik minerallar bo‘yicha xalqaro ta’minot zanjirlaridagi rolini mustahkamlash imkonini bermoqda.
#Molybdenum #CriticalMinerals #CriticalMetals #IMOA #TMK #Uzbekistan #GlobalSupplyChains #MolybdenumMarket #ExportDevelopment #InternationalTrade