O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) bosh ofisida Belgiyaning KU Leuven universiteti huzuridagi Barqaror metallar va minerallar instituti — SOLVOMET direktori Peter Tom Jones bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
KU Leuven — Yevropaning eng qadimiy va nufuzli ilmiy-tadqiqot universitetlaridan biri, shuningdek, dunyoning eng yirik va eng yuqori reytingli universiteti hisoblanadi. Universitet ilm-fan, muhandislik va sanoat innovatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro miqyosda yetakchi ilmiy markazlardan biri sifatida e’tirof etilgan.
Uchrashuvda TMK va SOLVOMET o‘rtasida noyob yer elementlarini ajratib olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihaning joriy natijalari hamda hamkorlik doirasidagi navbatdagi amaliy qadamlar muhokama qilindi.
Mazkur muloqot TMK va KU Leuven o‘rtasida avval imzolangan hamkorlik kelishuvi doirasida olib borilayotgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Hamkorlik doirasida SOLVOMET mutaxassislari Kombinat obyektlaridagi texnologik jarayonlarni o‘rganib, noyob yer elementlarini ajratib olish bo‘yicha tegishli texnik xulosalarni taqdim etgan. Mazkur yo‘nalishdagi ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Muloqot davomida loyihani pilot uskuna bosqichiga olib chiqish, keyinchalik O‘zbekistonda kengroq pilot sinovlarini tashkil etish va ilmiy ishlanmalarni amaliy texnologik yechimlarga aylantirish bo‘yicha zarur qadamlar ko‘rib chiqildi.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlarni tayyorlash, jumladan sanoat doktoranturasini rivojlantirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Mazkur yondashuv ilmiy tadqiqotlarni sanoatning real ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, yosh tadqiqotchilarni amaliy loyihalarga jalb etish hamda kritik minerallar yo‘nalishida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, TMK portfelidagi boshqa kritik xomashyo loyihalarida zamonaviy qayta ishlash va metall komponentlarini ajratib olish texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi. Xususan, solvent ekstraksiyasi (maxsus erituvchi yordamida eritmadan kerakli metall komponentlarini tanlab ajratib olish usuli) bo‘yicha SOLVOMETning ilmiy-texnologik ekspertizasidan foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv TMK va KU Leuven o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni amaliy loyihalar bilan mustahkamlash, kritik minerallarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or texnologik yechimlarni rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqotlarni pilot va sanoat bosqichlariga olib chiqish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.