O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) bosh ofisida Hindistonning eng yirik sanoat-infratuzilma konglomeratlaridan biri Adani Group kompaniyasi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Adani Group tog‘-kon sanoati, energetika, metallar, port va logistika, transport infratuzilmasi hamda qayta tiklanuvchi energetika kabi strategik yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi yirik xalqaro sanoat kompaniyasi. Shuningdek, u konlarni o‘zlashtirish va boshqarishdan tortib, resurslarni qayta ishlash hamda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda tajribaga ega.
Muzokaralarda TMKning Mine — Metal — Market tamoyiliga asoslangan integratsiyalashgan faoliyat modeli, mineral-xomashyo bazasi hamda istiqbolli investitsiya loyihalari taqdim etildi.
Tomonlar TMKning istiqbolli tog‘-kon loyihalarini rivojlantirish, mavjud geologik va texnik ma’lumotlarni o‘rganish, qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish hamda loyihalarni sanoat bosqichiga olib chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi.
TMK global sanoat hamkorlari bilan aloqalarni kengaytirib, O‘zbekistonning mineral salohiyatini yuqori qo‘shilgan qiymat va uzoq muddatli investitsiyalarga aylantirishga qaratilgan hamkorliklarni rivojlantirmoqda.